2019 yil 20 mart kuni Toshkent shahrida Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Toshkent shahrida Vebster universitetining (AQSH) ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi tashkil etildi.

Markazning asosiy vazifasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik, tabiiy fanlar va pedagogika sohalarida xalqaro standartlar darajasida kadrlar tayyorlash hisoblanadi.

Markaz oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, bakalavriat, magistratura bosqichlarida, malaka oshirish, qayta tayyorlash, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni amalga oshiradi.

Ta’lim kunduzgi shaklda, to‘lov-kontrakt asosida, ingliz tilida amalga oshiriladi.

2019/2020 o‘quv yilidan talabalar qabul qilinadi va bitiruvchilarga diplom beriladi. Qabul kvotasi kadrlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.

Markazda bakalavriatning quyidagi yo‘nalishlari ochiladi:

boshqaruvning axborot tizimlari;

interfaol raqamli media;

mediakommunikatsiyalar;

grafik dizayn;

reklama va marketing kommunikatsiyalari;

informatika;

tadbirkorlik;

iqtisodiyot;

xalqaro munosabatlar;

buxgalteriya hisobi;

Yevropa tadqiqotlari;

global jurnalistika;

jamoatchilik bilan aloqalar;

kino, televideniye va video ishlab chiqarilishi.

Magistratura yo‘nalishi bo‘yicha ham 16 ta yo‘nalish ochiladi. Biznez boshqaruvi, ta’lim va innovatsiyalar, menejment va liderlik shular jumlasidandir.