2019 yil 18 mart kuni Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylovlar chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan beriladi.

Ushbu maqsadlarda respublikada jami 38 ming 49 gektar yer uchastkalari ajratiladi.

Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yillik kreditlarning bir gektarga ekvivalenti 20 million so‘mdan oshmaydigan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari banklar belgilagan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.

Chorva mollarini saqlash (fermalar), energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish uchun yer uchastkalari istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimlarining qarorlari asosida beriladi. Boshqa hollarda auksion savdolari orqali beriladi.

Chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan lalmi va yaylovlar doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Xo‘jaliklarga sertifikatlangan yuqori sifatli ozuqabop ekinlarning birlamchi urug‘lari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yetkazib beriladi.

2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirish va servis xizmatlari tashkil etiladi.

2022 yil 1 yanvargacha quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod etildi:

tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xom ashyolar:

quvur va shlanglar ishlab chiqarish uchun pigment va preparatlar, PVX quvurlar;

tomchilatish trubkasi, egiluvchan quvurlar, furnitura va fitinglar;

o‘z o‘qi atrofida aylanuvchi va boshqa yomg‘irlatib sug‘orish tizimining qismlari;

yomg‘irlatib sug‘orish mashinalari;

asalarichilar asalari oilalarini qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirishi natijasida yig‘ib olgan tabiiy asal (respublika hududiga olib kirishda). Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi bo‘yicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga qo‘llaniladi.

Asalarichilarga bahor-yoz mavsumida asalari oilalarini qo‘shni mamlakatlarga vaqtincha ko‘chirib chiqarishi mumkin.

2019 yil 1 apreldan bir kunlik jo‘jalarni eksport qilishga ruxsat etiladi.