Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va ulgurji sotish faoliyatini litsenziyalashning yangi tartibi loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan. Unga ko‘ra, alkogol litsenziyasining eng qimmati 606 million so‘m, eng arzoni 10 millon 100 ming so‘m bo‘ladi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 5 fevraldagi prezident farmoniga asosan alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish sohasi isloh etildi;

uzumchilik va vinochilikni boshqarish tizimi qayta tashkil etildi;

alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar uchun yangi litsenziya talablari belgilandi va 1 iyulgacha litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish majburiyati qo‘yildi;

alkogolli mahsulotlar bilan ulgurji savdo qilishga litsenziya joriy etilmoqda.

Litsenziyalovchi organ — Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi. Litsenziyalar oddiy (namunaviy), amal qilish muddati cheklanmagan.

Litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni shaxsan kelib, olinganligi to‘g‘risida xabar bergan holda pochta orqali yoki talabgorning ERI bilan tasdiqlangan elektron shaklda taqdim etish mumkin bo‘ladi. Arizada elektron manzil ko‘rsatilsa, qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi xabarnoma unga elektron shaklda yo‘llanadi.

Tegishli hujjatlar paketi olingan kundan boshlab ishlab chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilishga — 30 kun, ulgurji savdo bo‘yicha 10 kun muhlat berish taklif etilmoqda. Zarurat tug‘ilganda Inspeksiya joyga chiqqan holda ishlab chiqarish sharoitlarini tekshiradi.

Qabul qilingan qaror haqida talabgor uch ish kuni ichida xabardor qilinadi. Ijobiy qarorga kelinganda u yig‘im to‘lashi (quyidagi jadvalga qarang) va litsenziya bitimini imzolashi kerak bo‘ladi.


T/r

Litsenziya turi

Litsenziya berganlik uchun yig‘im miqdori

1

Quyidagi turdagi mahsulotlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun:

uzumdan tayyorlangan vino materiallari;

meva, rezavor mevadan tayyorlangan vino materiallari

50 EKIH

uzum va meva, rezavor mevadan tayyorlangan spirt xom ashyosi;

vijillaydigan va gazlangan vino

100 EKIH

vino spirti, uzum va meva, rezavor mevadan tayyorlangan tozalangan spirt;

uzum, vino, konyak distillyati;

viski distillyati;

rom distillyati;

meva, reza meva va kalvados distillyati;

uzum (tabiiy vinolardan tashqari) va meva, reza mevadan tayyorlangan vino;

uzum va mevadan tayyorlangan aroq;

konyak, konyakli ichimlik, brendi;

viski;

rom;

kalvados

200 EKIH

tamaki mahsulotlari (barcha toifadagi sigaretalar, papiroslar, sigaralar va sigarillalar)

1 000 EKIH

o‘tkirligi 7,0%dan 22,0%gacha bo‘lgan vino ichimliklari

1 500 EKIH

tozalangan iste’mol etil spirti;

texnik etil spirti;

aroq;

likyor-aroq mahsulotlari (pivodan tashqari)

3 000 EKIH

2

Alkogolli mahsulotlarni ulgurji sotish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun

100 EKIH

Turli «narx» guruhidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun alohida litsenziyalar rasmiylashtiriladi va har biriga ko‘rsatilgan miqdorlarda yig‘im to‘lanadi. Yig‘im kelib tushgach, talabgor o‘zi imzolagan litsenziya bitimini taqdim etganidan keyin 3 kun muddat ichida litsenziya beriladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.