O‘zbekiston Adliya vazirligi «Ochiq adliya» maxsus dasturi ishga tushirilganini e’lon qildi. Dastur vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Dastur doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. «Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. O‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingini shakllantirib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi», — deyiladi xabarda.

Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida endilikda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasi mazmuni ham ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.

Shuningdek adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda o‘z tasdig‘ini topgan shikoyatlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.

Vazirlik o‘z binosidagi xonalarning joylashish strukturasini ham qayta ko‘rib chiqdi. «Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirildi. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Sodda qilib aytganda devorlar va eshiklar endi shaffoflikni ta’minlaydi. Bu usul korrupsiyaviy omillarni ham olini oladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishishni istovchilar uchun vazirlik yana bir imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda yiliga kamida 2 marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida, adliya organlari va muassasalarida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari o‘tkaziladi.

Bundan tashqari Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlikning veb-saytida e’lon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularni bajarilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim yangiliklardan biri bu adliya organlarining har yil yakuni bo‘yicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berishidir. Mazkur tashabbus 2018 yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirildi va — «Adliya hisobot beradi» nomli risola tayyorlanib keng jamoatchilikka taqdim etildi. Endi bu hisobot an’anaviy tarzda har yili taqdim etiladi.

«Hech qaysi idora o‘z xodimlarini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish har doimgidan ham dolzarb bo‘lmoqda», — deyiladi xabar so‘ngida.