Hindistonlik dizayner, Ritu Beri brendi asoschisi O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat bo‘yicha turizm elchisi etib tayinlandi. Bu haqda Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbek musiqasi va modasi festivali chog‘ida e’lon qilindi, deya xabar berdi O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi «Gazeta.uz"ga.

Ritu Beri — Parijda taqdimotini o‘tkazgan birinchi hind dizayneri. Uning liboslarini Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madxuri Dikshit kabi kino yulduzlari kiygan.

Dehlidagi festivalda u marosimlar uchun maxsus liboslar kolleksiyasi bilan ishtirok etdi.

Ritu Beri o‘zbek madaniyati va tarixining muxlisi ekanini ta’kidladi. Dizayner yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurgani, bu mamlakatning madaniy jihatdan Hindistonga yaqin ekani munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil ekanini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston hind oilalari uchun ommabop sayyohlik yo‘nalishlaridan biri ekanini aytib o‘tdi.