O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan 35 foizga o‘sib, 12,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda o‘tgan hafta juma kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumida O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Shu bilan birga, u Markaziy Osiyo ichida savdo hajmi o‘ta past, «kamtar» darajada ekanini qayd etib o‘tdi.

«Ta’kidlash joizki, hozircha mamlakatlarimiz bir-biridan ko‘ra uchinchi mamlakatlar bilan ko‘proq savdolashmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida mintaqa davlatlari ulushi bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil etmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham taxminan shunday ko‘rsatkichlar kuzatilmoqda. Shuning uchun hukumatimizning vazifasi — savdo aylanmasini bir necha martaga oshirish, uning mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasida barqaror o‘sishini ta’minlashdan iborat», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Jenis Kasimbek o‘z mamlakatining mintaqadagi eksport va import miqdorini oshirish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida ma’lum qildi. Qozog‘iston tomoni Markaziy Osiyo bozoriga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, kimyo, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqalardan iborat 50 dan ziyod tovar turlarini yetkazib berishni kengaytirishni o‘zi uchun tahlil qildi va aniqlab oldi.

«[Qozog‘iston] uzoq xorijdan import qilayotgan va qo‘shnilardan sotib olishi mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalari mavjud», — dedi u.

PSG konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga tayangan Jenis Kasimbek Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rta muddatli istiqbolda noxom ashyo sohasiga 70 mlrd dollar jalb qila olishini qayd etdi.

«Investitsion miqyosda bizning beshta mamlakat yagona hudud sifatida ko‘riladi. 70 million kishilik bozor esa yirik investitsion loyihalar uchun unchalik ham katta hisoblanmaydi. Shuning uchun bizning barcha sa’y-harakatlarimiz bir-biriga mos kelishi va birlashtirilishi lozim», — deya qo‘shimcha qildi u.