Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldini olishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, yurtimizga kirib kelgan fuqaro M.E. shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, egnidagi kiyimlari ichiga yashirilgan, jami og‘irligi 199 grammga teng bo‘lgan 59,7 million so‘mlik 10 dona sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlarini qo‘shni davlatdan olib kirishga bo‘lgan urinishlari fosh qilindi.

Fuqaro M.G.ni xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish chog‘ida esa, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan og‘irligi 112 grammga teng bo‘lgan qiymati 44,8 million so‘mlik 13 dona zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tayotgan vaqtda to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, fuqaro M.D.ning ham tuzgan rejasi chippakka chiqdi. U shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, 244 gramm sariq metalldan yasalgan, qiymati 73,2 million so‘mlik zargarlik buyumlarini yashirincha yurtimizga olib kirayotgani aniqlandi.

Yana bir qonunbuzar fuqaro R.I.ning kirdikorlarini ham bojxonachilar fosh etishdi. Ushbu fuqaro 74,7 million so‘mlik 249 gramm og‘irlikka teng bo‘lgan sariq metalldan yasalgan, zargarlik buyumlarini yashirishga bo‘lgan urinishlari naf bermadi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.