O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent hokimiga rossiyalik xokkey yulduzlariga kvartiralar ajratishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbari 17 mart kuni Humo Arena muz saroyining ochilish marosimida ma’lum qildi.

Mamlakat rahbari jahon sporti yulduzlari O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirishga yordam ko‘rsatishlariga umid bildirdi.

«Bu kabi majmua va markazlarni kelgusida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham barpo etamiz. Shu munosabat bilan hurmatli mehmonlarimiz — taniqli sportchilar va murabbiylar, jahon sporti yulduzlariga murojaat qilishni xohlardim. Sizning yordamingiz, biliminzgiz, mahorat va ulkan professional tajribangizni kutib qolamiz. Men hozir ular bilan uchrashuvda hokimga taniqli sportchi va murabbiylarga yaqin kelajakda kvartiralar ajratishni topshirdim. Ular bizga mehmon sifatida emas, balki o‘z uylariga kelgandek tashrif buyursinlar», — dedi prezident.

Juma kuni Humo Arena majmuasida Pavel Bure, Valeriy Kamenskiy, Vitaliy Proxorov, Aleksey Jamnov va Aleksandr Yakushevdan ibora Rossiyaning «Legendы xokkeya» («Xokkey afsonalari») jamoasi Tashkent City jamoasi bilan o‘ynadi.

Shavkat Mirziyoyev Humo Arena yuqori malakali sportchilarni tayyorlash hamda O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni tashkil etish, eng muhimi esa yoshlarni qishki sport turlariga jalb etishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Video