Turkiyaning Konya shahridagi Selchuk universiteti (Selçuk Üniversitesi)da 2019 yil 15−16 mart kunlari «Ikki qardosh davlat: Turkiya-O‘zbekiston va ularning kelgusi munosabatida mening o‘rnim» mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Yoshlari Umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligi tashabbusi va O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Xorijiy turklar va qardosh xalqlar davlat boshqarmasi, Selchuk universiteti, Selchuk tuman hokimiyati va boshqa tashkilotlar ko‘magida tashkil qilingan tadbirga Turkiyaning turli universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borayotgan doktorantlar jalb qilindi.

Turkiyaning turli universitetlarida ilmiy tadqiqot olib borayotgan o‘zbekistonlik doktorantlar o‘z tadqiqoti yuzasidan ma’ruza qildi.

Ma’ruzalar muhokamasidan so‘ng «Kelajakka oid loyihalar» mavzuida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yoshlar ikki davlat munosabatlarini rivojlantirish borasidagi loyihalari, rejalari va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Muvaffaqiyatli deb topilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar tuzildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, hozirgi kunda Turkiya Respublikasi universitetlarida 1000 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabalar turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. Doktorantura yo‘nalishida tadqiqot olib borayotganlar soni esa 40 dan oshadi.

O‘zbekistonlik doktorantlarning keyingi konferensiyasi joriy yilning kuz oyida Turkiyaning Izmir shahrida o‘tkazilishi belgilandi.