Toshkent davlat yuridik universitetida 2019−2020 yillar davomida maxsus innovatsion loyiha amalga oshirilib, uning natijasida «Elektron universitet» platformasini yaratish orqali yuridik ta’lim olishga bo‘lgan imkoniyatlarni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan xalqaro tanlovda g‘olib deb topilgan ushbu loyiha uchun Jahon banki tomonidan Akademik innovatsiyalar fondi granti doirasida 140 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Grant loyihasini amalga oshirish natijasida eng zamonaviy va innovatsion ilmiy, o‘quv elektron dasturlarini yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, «Elektron universitet» platformasi doirasida «Elektron tadqiqot», «Elektron ta’lim», «Elektron pedagog», «Elektron talaba», «Elektron kutubxona», «Elektron huquqiy targ‘ibot» kabi dasturlarni yaratish va yagona global platformaga birlashtirish orqali universitet resurslaridan istalgan nuqtadan bemalol, ortiqcha qiyinchiliklarsiz foydalanish, ta’lim olish jarayoniga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabilar ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent davlat yuridik universitetida loyiha doirasida jahonning eng nufuzli xalqaro ilmiy markazlari mutaxassis va ekspertlarini jalb etish hamda dunyodagi eng mashhur universitetlarda mavjud bo‘lgan innovatsion tadqiqotlar olib borish uchun forsayt-markazni tashkil etish orqali O‘zbekistonda yuridik fanni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.