2019 yil 15 mart kuni «Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga ko‘ra 2019 yil 1 apreldan:

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tasarrufiga o‘tkazildi.