18 mart kuni AQSHning Las-Vegas shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashgan o‘zbekistonlik sportchilar O‘zbekistonga qaytib keldi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi jami 16 ta medal (8 ta oltin, 6 ta kumush, va 2 ta bronza) jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

AQSHdan qaytgan sportchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida Nigora Abdullayeva hamda Kumushxon Fayzullayeva uchtadan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tursunoy Jabborova bitta oltin va ikkita kumush medal bilan mukofotlandi.

O‘z vazn toifasida ikkita jahon rekordini o‘rnatgan o‘zbekistonlik Kumushxon Fayzullayeva turnirning eng yaxshi atleti deb topilgan bo‘lsa, jami 7 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan o‘zbek qizlari umumjamoa hisobida 100 ga yaqin mamlakat vakillari orasida eng natijani qayd etishdi.

Ushbu bahslarda yigitlardan Asadbek Narimonov 1 ta oltin va 2 ta kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Asadbek Narimanov ikkita kumush hamda Mirhosil Mirzabayev 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.