Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro T.N.ning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda bojxona xodimlariga ma’lum qilinmagan, qiymati 14 million so‘mlik, 14 dona uyali aloqa vositalarni yashirincha olib o‘tayotganligi aniqlandi.

Yana bir holatda bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan fuqaro I.Sh. shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, kurtkasining ichki cho‘ntagi va qo‘l qismiga yashirib olib, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilmasdan 12,4 million so‘mlik 11 dona «Samsung Galaxy» nomli uyali aloqa vositalarini olib kirayotganida to‘xtatib qolindi.

Fuqaro A.R. esa bojxona xodimlari tomonidan shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilar ekan, egnidagi kurtkasining tashqi cho‘ntaklarida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda aytilmagan, qiymati 6 million so‘mlik 4 dona «RedMi 6 Pro» nomli uyali aloqa vositalarini qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kirayotganida fosh etildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.