Prezident 2017 yil 11 oktyabr kuni Sochi shahrida imzolangan Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalil hisoblangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, o‘qotar qurol, uning asosiy qismlari, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini berish tartibi to‘g‘risidagi bayonnomani tasdiqlagani haqida xabar bergandik. Norma.uz saytida bu tartib qanday amalga oshirilishi haqida ma’lumot berildi.

Bosh prokuratura xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan O‘zbekistonning mas’ul vakolatli organi etib belgilandi. Jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiallari ish yurituvida bo‘lgan yoxud sudga yuborilgunga qadar ish yurituvida mavjud bo‘lgan tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar bayonnoma doirasida ashyoviy dalillarni bevosita berish va qabul qilish bilan shug‘ullanadilar.

Tartib-taomil quyidagicha amalga oshiriladi. Ashyoviy dalillar so‘rovnoma asosida beriladi. Tashish vakolatli organlar nazorati ostida amalga oshiriladi. Qabul qilish-topshirish sanasi, yetkazib berishni amalga oshiruvchi shaxslarning ro‘yxatlari, davlat chegaralari orqali o‘tkazish punktlari, harakatlanish yo‘nalishlari, transport va hokazo oldindan kelishib olinadi.

Ashyoviy dalillar albatta o‘rab-joylanadi va ularga maxsus yorliq yopishtiriladi. Tashish uchun alohida yoki boshqalari bilan birga joylashtiriladi, jo‘natuvchi mamlakatning vakolatli organi tomonidan muhrlanadi. O‘rami tashqi ta’sirlardan ishonchli himoyani ta’minlashi lozim.

Ashyoviy dalillar to‘g‘risidagi axborot hisobga olish kartochkasida qayd etiladi. Ilova qilinadigan hujjatlarda o‘ramning individual raqamlari va sanalari, tashqi ko‘rinishi va o‘rami haqidagi ma’lumotlar, yorliqdagi muhr izi matni ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘lishi kerak.