«Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida yangi 61−931 rusumdagi nogironlar uchun maxsus kupeli shtab vagoni ishlab chiqarildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu vagon mijozlar talab va istaklariga ko‘ra, zavod muhandis-konstruktorlari tomonidan loyihalashtirildi. Vagonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir qator qulayliklarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, vagon va kupening kirish qismi, yo‘laklar kengaytirilgan. Eng muhimi, nogironlik aravachasini olib chiqish uchun maxsus ko‘taruvchi moslama o‘rnatilgan.

Yangi ishlab chiqarilayotgan vagonning 60 foiz butlovchi qismlari mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha korxonaning o‘zida tayyorlanmoqda. Xususan, isitish va sovutish tizimlari, elektr boshqaruv pulti, yuqori va past kuchlanish maxsus elektr moslamasi, telejkalar O‘zbekistonning milliy mahsulotlaridir.

«Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» aksiyadorlik jamoasi shu kunlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus vagonlarni ko‘rgazmasini Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ayni kunda 2 ta tayyor mahsulot mijozlarga yetkazilgan.

Endilikda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyatining xalqaro yo‘nalishlardagi poyezdlarida ham shu kabi jahon standartiga mos vagonlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

«Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida shu kungacha 61−907 va 61−911 modeldagi kupe va platskart vagonlari eksport qilingan bo‘lsa, endilikda ularning soni yana bittaga ortdi.