Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi davlat xizmatchilari uchun «Investitsion loyihalarni tayyorlash va boshqarish» malaka oshirish kursini tashkil etadi.

Agentlikning «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, vazirlik, idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalarining yuqori va o‘rta bo‘g‘inlari rahbarlari malakasi oshiriladi.

18 mart kuni malaka oshirish kursi o‘z ishini boshladi. Kurs davomiyligi rahbarlar uchun 3 kun yoki 36 akademik soat, ularning o‘rinbosarlari uchun esa 5 kun yoki 56 soatni tashkil etadi.

May oxiriga qadar vazifasi investitsion faoliyat bilan aloqador bo‘lgan 336 nafar davlat xizmatchisi, jumladan vazirlar, qo‘mita va agentlik rahbarlarini qamrab olish rejalashtirilmoqda.

«Masalan, Ichki ishlar vazirligi xodimlari malakasi oshirilmaydi, chunki ularning ishi investitsion faoliyat bilan bog‘liq emas», — deya aniqlik kiritdi agentlik vakili.

Kurslarni Germaniya, AQSH, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda xalqaro ish tajribasiga ega malakali mutaxassislar olib boradi.

Kurslar doirasida tinglovchilar investitsion loyihalarni ishlab chiqish va mantiqiy tartibga keltirish, loyihalarni amalga oshirish tizimlarini shakllantirish, investorlar uchun taqdimotlarni tayyorlash va o‘tkazish qoidalari, loyihalarni amalga oshirish vaqtida yuzaga kelgan muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirish kabi masalalarni ko‘rib chiqadi.