O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni «Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

«Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotish sohasidagi ilg‘or tajriba tahlili ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning kooperatsiyasini rivojlantirishni samarali rag‘batlantirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi hujjatda.

Qaror bilan tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi birlashmalarida ixtiyoriy va pay asosida ishtirok etish tamoyillarida mustaqil va o‘zaro bog‘liq qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalarining kooperatsion birlashishi instituti joriy etilmoqda.

2019−2020 yillarda tajriba-sinov tariqasida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va sotish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun Jizzax viloyatining G‘allaorol va Zomin tumanlarida, Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Urgut tumanlarida, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida qishloq xo‘jaligi birlashmalari tashkil etiladi.

2020 yil 1 dekabrga qadar qishloq xo‘jaligi birlashmalarining kooperatsion birlashuvi institutini respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari qishloq xo‘jaligi birlashmalari majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi hamda agar ta’sis hujjatlarida boshqacha holatlar belgilanmagan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi birlashmalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan zarar ko‘rish xatarini o‘zlari kiritgan badallar (paylar) qiymati doirasida zimmasiga oladi.

1 martdan boshlab meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari a’zolari qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va ularni keyinchalik almashtirish to‘g‘risidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi birlashmalari va ular a’zolarining 2019−2020 yillarda ko‘chatlar va sertifikatlangan urug‘larni hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan, valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 1,5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan miqdorda qoplanadi.

Qishloq xo‘jaligi birlashmalaridan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib oluvchi eksportyorlarning tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi subsidiyalar taqdim etish orqali qoplanadi.