16 mart kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Yig‘ilishda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar jarayonlarini o‘tkazishning tashkiliy va yuridik masalalari ishlab chiqildi.

Komissiya a’zolarining fikr-mulohazalari va izohlarini hisobga olgan holda tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi memorandum loyihasi ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi. Memorandum mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga arizani ko‘rib chiqishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

JSTga a’zo bo‘lish oqibatlarini baholash, bojxona masalalari, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va eksport subsidiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tayyorlash, siyosatda savdo xizmatlariga taalluqli choralarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlari faoliyati yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, sanitar va fitosanitar choralarni qo‘llash bo‘yicha kelishuv doirasida tarif imtiyozlari, savdoda texnik to‘siqlarni qo‘llash bo‘yicha kelishuv va JST bilan intellektual mulk huquqlarining savdoga oid jihatlari bo‘yicha kelishuv yuzasidan takliflar tayyorlanadi.

A’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha ishlarni faollashtirish uchun yuridik va tashkiliy jarayonlarda ishtirok etuvchi idoralar xodimlari uchun chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda seminarlar tashkil etiladi.