2020 yilda Tokioda o‘tkaziladigan olimpiada o‘yinlarining tashkilotchilari tomoshabinlarga o‘z joylarini topishda ko‘maklashadigan, zarur ma’lumotlarni beradigan va yegulik keltiradigan robotni taqdim etishdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Butun olimpiada davomida ikki tipdagi: odamlarga yordam beruvchi (Human Support Robot) va yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi (Delivery Support Robot) 16 ta robot faoliyat ko‘rsatadi. Birinchi robotning qo‘lida chiqindi chelagiga o‘xshash bo‘lgan manipulyator mavjud bo‘ladi.
Robotni yasagan Toyota kompaniyasidagilar mobil qurilmalardan keng foydalanmaydigan va nogironligi bo‘lgan tomoshabinlarga asqotishiga umid qilishmoqda. Kompaniyadagilar 2030 yilda robotlarni ommaviy sotuvga chiqarmoqchi.
Olimpiada bilan bir qatorda olimpiadada Panasonic’ning ekzoskeletlaridan ham foydalaniladi. Ular xizmatchilarga og‘ir buyum va yuklarni ko‘tarishga yordam beradi. Ekzokostyumlardan tadbirlar davomida emas, balki aeroportlarda va maxsus zonalarda foydalaniladi.
Olimpiada-2020 davomida e’tibor nafaqat texnologiyalarga, balki ekologiyaga ham qaratiladi. G‘olib va sovrindorlar uchun medallar butun mamlakatdan yig‘ilgan materiallar yordamida tayyorlanadi.