Xalq ta’limi vazirligi «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy aksiya tashkillashtirdi. Jumladan, poytaxt ko‘chalarida harakatlanayotgan jamoat transportlarida o‘qituvchi kasbini ulug‘lovchi ijtimoiy reklamalar paydo bo‘ldi.Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vazirligiga jamiyatda o‘qituvchi o‘rni va maqomini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilgan. Ulardan biri «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasining ishlab chiqilishidir.

Ushbu hujjat o‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalarini belgilaydi. Qonun loyihasida ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarining huquqiy maqomini takomillashtirish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ham e’tibor qaratilgan.

Mazkur hujjat o‘qituvchining huquq va vazifalarini belgilaydi. Shuningdek, o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarini tartibga soladi.

Qonun loyihasida ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, shu jumladan, obodonlashtirish, metall parchalari va chiqindilarni yig‘ish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlarni va shu kabi boshqa ishlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Qolaversa, o‘quvchilarning ota-onalari o‘qituvchining ishiga asossiz aralashish huquqiga ega emaslar.

Shuningdek, ushbu hujjatda moddiy va ijtimoiy xavfsizlik masalalari, xususan, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish masalalari ham inobatga olingan.