Shu yilning 15 mart kuni viloyat hokimligi kichik majlislar zalida xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida xabar berildi.

Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoatchilik Kengashi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Sessiyani viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat G‘aniyev olib bordi.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan deputatlar tomonidan Farg‘ona politexnika instituti rektori Oybek Otaqulov va viloyat «Sirdaryo — So‘x» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi sobiq boshlig‘i A’zamjon Rahmatullayevlarning deputatlik vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari tasdiqlandi.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018 yil 25 maydagi «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentiga hamda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonunining 19, 24-moddalariga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori qabul qilindi.

Sessiyada xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining doimiy komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi qirq uchinchi sessiyasida O‘zbekiston tumani hududida mahalla fuqarolar yig‘inlarini tashkil etishga oid masalasi ham ko‘rib chiqildi.