Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlarning O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi saytida xabar berildi.

Jumladan, «Keles» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari «Almata-Nukus» yo‘nalishida kirib kelgan poyezd vagonlarini bojxona nazoratidan o‘tkazish davomida fuqarolar S.M., K.P., T.O. va M.S. umumiy og‘irligi salkam 380 kilogrammni tashkil etuvchi bolalar bo‘tqasi, qandolatchilik mahsulotlari, quruq sut, pishloq kabi oziq-ovqat mahsulotlari, 2182 dona gigiyenik, kosmetika va kir yuvish vositalari, 75 dona uy-ro‘zg‘or anjomlari, 124 dona mobil telefon aksessuarlarini bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotganligi aniqlandi.

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, ushbu tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati salkam 53 million so‘mni tashkil etdi.

Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.