Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida endilikda endi avtomaktablarga litsenziyani onlayn usulda qayta rasmiylashtirish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Xizmatning to‘liq nomi: avtotransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarining haydovchilarini o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini taqdim etish uchun berilgan litsenziyani qayta rasmiylashtirish.

U yuridik shaxslarga yarim avtomatik rejimda taqdim etiladi.

Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘imning (EKIHning 1 barobari) 50 foizi undiriladi.

Xizmat Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tartibga solinadi.

Arizani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.