O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15 martdagi farmoni bilan prokuratura organlari tizimida qator lavozimlar va boshqarmalar tugatildi.

Hujjatga muvofiq, bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi, soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga mas’ul Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari lavozimlari hamda tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas’ul o‘rinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari tugatilmoqda.

Prokuratura organlarining qisqartirilayotgan 1 198 ta shtat birliklaridan 87 tasi — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga, 470 tasi — O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi bo‘linmalariga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi, Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari, Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi tugatilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.

Bosh prokuraturaga bir oy muddatda Prokuratura organlarida xizmat o‘tash tartiblari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish topshirildi. Unda kadrlarni tanlov asosida saralashning mutlaqo yangicha bo‘lgan shaffof mexanizmlarini joriy etish, shuningdek prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bo‘linmalar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda prokuratura organlari faoliyatiga ilg‘or AKT va dasturiy mahsulotlarni har tomonlama va to‘liq joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish ko‘zda tutilishi lozim.

Farmonga ko‘ra, 1 apreldan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu sanadan boshlab tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Vakil o‘z vakolatlari doirasida nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda qonunchilik talablariga rioya etishlari ustidan nazorat o‘rnatishi, tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarning asosli ekanini ko‘rib chiqishi, tekshiruv o‘tkazishni ma’qullash yoki rad etishi, ularning muddatlarini uzaytirishi yoki boshqa muddatga qoldirishi mumkin.

Biznes-ombudsman tekshiruvlar vaqtida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralarni qo‘llash huquqiga ega.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga biznes-ombudsman bilan Qonunchilik palatasiga «Tadbirkorlik faoliyati qonuniyligi kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchilar Prezident xalq qabulxonalari binolariga joylashtiriladi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tasarrufiga o‘tkazildi.