O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov shanba kuni «Harakatlar strategiyasi» markazida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot vaqtida Xalq ta’limi, Madaniyat vazirliklari va Yoshlar ittifoqi faoliyatini tanqid qildi.

O‘zAning xabar qilishicha, Sarvar Otamurodov avvallari siyosiy partiyalarni hech kim tan olmagani, tuzuk gaplashmaganini tan oldi, biroq partiyalarning targ‘ibot-tashviqoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligini aytib o‘tdi.

«Ikki kun avval men ko‘rdim, „Siyosiy partiyalar nima ish qilayapti, nimani hal qilishdi?“, „Umuman partiyalar nima kerak o‘zi?“ kabi savollarni. Tan olish kerak, so‘nggi ikki yil ichida hayot umuman o‘zgarib ketdi. Ochig‘ini aytaman, oldinlari siyosiy partiyalarni hech kim tan olmasdi, tuzuk gaplashmasdi. Hozir esa haftasiga kamida 2−3 ta muammo, masalalar ko‘tarilgan xat vazirlik, idoralarga ketyapti. Lekin bizning bitta muammomiz bor: targ‘ibot-tashviqotimiz juda bo‘sh, sust», — dedi O‘zbekiston prezidentligiga sobiq nomzod.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Madaniyat vazirligi madaniy meros ob’ektlariga oid noto‘g‘ri statistik ma’lumotlarni taqdim etmoqda.

«O‘tgan yili biz respublika bo‘yicha madaniy meros ob’ektlarini inventarizatsiya qildik. Aslida bu ishni Madaniyat vazirligi qilishi kerak edi. Ular byudjetdan bu ish uchun pul oladi, ammo qilmagan. Vazirlik qayerda nima joylashganini ham yaxshi bilmaydi, madaniy meros ob’ektlari joylashuvi bo‘yicha bergan ma’lumotlarning 30−40 foizi noto‘g‘ri, ob’ektlarning ba’zilari buzilib ketgan. Vazirlik ma’lumotiga qarasak, respublikada taxminan 7480 ta ob’ekt bor, aslida ular 6975 ta. Qolganlari-chi? Yo‘q, joyi tep-tekis, asfalt yotqizilgan yoki umuman buzilib ketgan», — dedi u.

Bundan tashqari, partiya 370 ta yangi madaniy ob’ektni aniqladi. «Bu yil hukumatga masala qo‘ydik, bu ishlar uchun avval ajratilayotgan 50 milliard pulni 67 milliardga chiqardik. Mahalliy byudjet xarajatlaridan ortgan pulning bir qismini mazkur muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qildik».

Sarvar Otamurodov ko‘plab tarixiy yodgorliklarning kadastr hujjatlari yo‘qligini qayd etib o‘tdi. «Misol uchun, Surxondaryo viloyatida joylashgan XVI asrda qurilgan qadimiy Abdulazizxon madrasasini omborxona qilib qo‘yishgan. Partiyamiz vakilari bilan bu hududni topib, o‘rganib, rasmlar, xulosalarni Madaniyat vazirligiga topshirdik, hozirda bu borada ishlar olib borilmoqda. Yil oxirigacha bu muammo hal etilishi kerak» — dedi u.

«Milliy tiklanish partiyasi rahbari Xalq ta’lim vazirligi faoliyatida ham qator kamchiliklar borligini ta’kidlab o‘tdi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakillari Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan 4 ta maxsus maktabga borib vaziyatni o‘rgangan.

«Ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat byudjetidan ajratilgan pullar talan-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi. Maktabni bitiraman, deb turgan yoshlar harf tanimaydi, o‘z ismini ham yoza olmaydi. Bu juda achinarli, vaziyatni o‘rganib boshimiz qotib qoldi. Qani bu yerda Xalq ta’lim vazirligining mas’uliyati, nega bu muammolarga yetib borishmayapti? Bu savollarga javob so‘raydigan vaqt ham keldi. Biz bu maxsus maktablardagi muammolarni hukumat, bosh vazir darajasigacha olib chiqdik, prokuratura organlari ham shug‘ullandi. Hozir biroz bo‘lsa-da vaziyat yaxshilanmoqda», dedi Sarvar Otamurodov.

Partiya markaziy kengashi raisining aytishicha, Yoshlar ittifoqining ham taqdim etayotgan ayrim statistikalari real hayotga mos kelmaydi, amalda bu ko‘rsatkichlar umuman boshqacha.