Shanba kuni ertalab Toshkentdagi «Milliy» stadionida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida yurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, marafonda vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi muassasalar rahbarlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ham ishtirok etgan.«Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning o‘tkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-e’tiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova.

Yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q, ijobiy ta’siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya’ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4−5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta’minlanish yaxshilanishiga olib keladi.

O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston prezidenti «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi. Hujjatda sport inshootlarining hammabopligini ta’minlash, davlat organlarida salomatlik kunlarini joriy etish hamda alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini cheklashni kuchaytirish kabi choralar belgilangan edi.