Standard & Poor’s xalqaro reyting agentligi 14 mart kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston bank sektoridagi xavf-xatarlarga baho berdi. Bu haqda S&P matbuot relizida so‘z boradi.

Bank sektoridagi sohalar va mamlakatga aloqador xatarlarni (Banking Industry Country Risk Assessment — BICRA) baholash metodologiyasiga muvofiq, O‘zbekiston bank sektori 8-guruhga mansub (ilgari -9-guruh). Mazkur guruhdan Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Keniya, Tunis va Argentina ham o‘rin olgan. Yanvarda S&P mamlakat iqtisodiy xatarlariga qo‘yilgan bahoni ko‘rib chiqib, uni «8"dan «7"ga o‘zgartirgan edi.

Ushbu o‘zgarish narxlarning aktivlar bilan aloqasi, shuningdek barqaror iqtisodiy o‘sish hamda O‘zbekistonning byudjet va tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarining yuqoriligi bilan asoslangan edi.

«O‘zbekiston taqqoslanuvchi mamlakatga nisbatan infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan va farovonlik darajasi yuqori bo‘lmagani bilan farqlanadi: 2018 yilda YAIMning aholi jon boshiga ulushi, hisob-kitoblarga ko‘ra, 1200 dollarga yaqinroqni tashkil etdi. Shu bilan birga, taxmin qilishimizcha, O‘zbekistonda daromadlarning aholi jon boshiga ulushi soyadagi iqtisodiyot ko‘lami kengligi nuqtai nazardan yuqoriroq bo‘lishi mumkin», — deyiladi hisobotda.

S&P fikricha, qaror qabul qilish bir necha siyosiy arboblarning qo‘lida ekani davlat siyosatining oldindan ayta olinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ijobiy omillar sifatida agentlik 2017 yilda valyuta bozorining liberallashtirilgani hamda Markaziy bankning inflyatsion bosim va iqtisodiyotning dollarlashtirilgani darajasini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarini sanab o‘tdi.

Agentlik O‘zbekiston YAIM hajmi 2021−2022 yillarda xizmat ko‘rsatish, qayta ishlash sanoati va xom ashyo sektoridagi o‘sishlar sharofati bilan o‘rtacha 5 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, S&P mamlakat iqtisodiyoti hamon davlat bilan bog‘liq tashkilotlar faoliyatiga bog‘liq ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Mamlakatda iqtisodiyotning ochiqligini oshirish, ishchi o‘rinlarini yaratish va raqobatbardoshlikni yuksaltirishga qaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar olib borilmoqda. Biroq biz islohotlar uch-besh yildan keyinginaa iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishni boshlaydi, deya taxmin qilayapmiz», — deyiladi hisobotda.

Agentlik ekspertlari fikricha, davlat hamon butun iqtisodiyot va bank tizimi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirmoqda.