Yoshlar ijod saroyida davom etayotgan xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida 2019−2020 o‘quv yilida Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida 6 yangi ta’lim yo‘nalishi ochilishi ma’lum qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

— Janubiy Koreyadagi Yodju texnika instituti bilan hamkorlikda ochilgan ta’lim muassasamiz 2018 yil o‘z faoliyatini boshladi — deydi institutning talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Abduboriy Habibullayev. — Xozirgi kunda bu yerda arxitektura va shaharsozlik, qo‘rilish, muqobil energiya, turizm va biznesni boshqarish yo‘nalishlarida yoshlarga tahsil beriladi. Ko‘rgazmaga kelgan yoshlarning instiutimizga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanidan mamnunmiz. Ular uchun yana bir muhim yangilik, institutimizda 2019−2020 o‘quv yilida xalqaro marketing, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, boshlang‘ich ta’lim, koreys tili filologiyasi, estetika va liboslar dizayni kabi 6 yangi ta’lim yo‘nalish ochiladi.

Uch kun davom etishi rejalashtirilgan mazkur ko‘rgazmaning so‘nggi kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.