«Yandeks Metro» mobil ilovasidan Toshkent metropoliteni ham o‘rin oldi. Uning yordamida poytaxtliklar va mehmonlar zarur yo‘nalishni ko‘rish, qayerda bekat almashtirish va zarur bekatga borish uchun qancha vaqt sarflanishini bilishi mumkin. Bu haqda «Yandeks» matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Foydalanuvchilar jo‘nash va borish stansiyalarini ko‘rsatishlari lozim. Mobil ilova yo‘nalish hamda yo‘nalishni almashtirish yoki shaharga chiqish uchun qaysi vagonga chiqish eng maqbul ekanini ko‘rsatib turadi. Bundan tashqari, maxsus belgilar orqali temir yo‘l va avtovokzallar ko‘rsatilgan.


«Yandeks Metro» Pushkin stansiyasidan Chorsu bekatigacha yo‘lni ko‘rsatmoqda. Kattalashtirish uchun rasm ustiga bosing

Ilovada stansiyalarning ish vaqti va ularning shahardagi joylashgan o‘rnini bilish mumkin. Shuningdek, stansiya ta’mir uchun yopilsa ham bu haqda ilovada ma’lum qilinadi.

O‘zbek va rus tilidagi ilova internetsiz ishlaydi va uni Android, iOS uchun yuklab olish mumkin. Kompaniyadan qayd etilishicha, kelgusida ilovadan Toshkentning diqqatga sazovor joylar va foydali manzillar ham o‘rin oladi.

Xizmat xorijda ham ishlaydi: Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, shuningdek Rossiya, Belarus, Ukraina va Turkiyadagi yana 10 ta shahar metro xaritalari ham mavjud.