Yangi Zelandiyaning Kraystcher shahridagi ikkita masjidga hujum uyushtirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 40 kishi halok bo‘ldi, 30 ga yaqin inson jarohatlandi, deya xabar qildi CNN telekanali.

Qurollangan shaxslar Linvud va Dins-avenyudagi masjidlarga juma namozi o‘qilganidan so‘ng bostirib kirib, o‘q otishgan. Hujum vaqtida binolarda bir necha yuz kishi bo‘lgan. Hujum qilganlardan biri voqealarni ijtimoiy tarmoqda onlayn efirga uzatib turgan, biroq politsiya keyinroq yozuvni o‘chirgan va foydalanuvchilardan ularni tarqatmaslikni so‘radi.

Politsiya komissari Mayk Bush otishmadan keyin masjid yaqinidagi mashinalarda bir necha qo‘lbola bombalar topilganini ma’lum qildi.

Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern hodisani terakt va mamlakat tarixidagi eng qora kunlardan biri deb atadi.

Shahar markazi qurshab olingan, havo hududi ham nazorat ostida. Fuqarolardan uylarini tark etmaslik so‘ralgan, barcha maktablar ehtiyot yuzasidan yopilgan.

Politsiya hujumga aloqadorlikda gumon qilib to‘rt kishi hibsga oldi, ularning biri ayol kishi. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Mamlakat hukumati ushbu bosqichda jinoyatchilarning ehtimoliy maqsadlari va mazkur hodisa sabablari muhokama qilinmasligini ma’lum qildi.