Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari O‘zbekiston hududiga tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyatning Yangiqo‘rg‘on tumanida «Yangiqo‘rg‘on-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro O‘.A. boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli yengil avtomashina bojxonachilar tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda uning salonida xorijda tayyorlangan, 4,8 million so‘mlik 3 turdagi sifati kafolatlanmagan shokoladlar borligi aniqlandi.

Yangiqo‘rg‘on tumanida harakatlanayotgan fuqaro A.K. boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa ushbu avtomashina salonida muqaddam qo‘shni mamlakatdan noqonuniy tarzda olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, qiymati qariyb 22 million so‘mlik muzlatgich va televizor tyunerlari kabi maishiy texnika tovarlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.