2019 yil 15 fevral kuni soat 10:30 da Navoiy viloyat ma’muriy sudi raisi O.Toshev sud etikasiga zid ravishda o‘z xizmat xonasida viloyat sudida tizimni boshqarish va xizmat ko‘rsatish muhandisi vazifasida ishlovchi D.Norovni tuman-shahar sudlariga yuborilgan topshiriq ijrosini o‘z vaqtida bajarmaganligi sababli urushib, urib, unga tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada, D.Norov shu kuni soat 11:50 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialining jarrohlik bo‘limiga yotqizilib, unta bugungi kunga qadar shifokorlar tomonidan tibbiy muolaja ko‘rsatilmoqda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining 2019 yil 20 fevraldagi xulosasiga ko‘ra D.Norovning tanasida chap tomon yorg‘oq yumshoq to‘qimasi (teri)ning shishi, qizarishi kabi sog‘liqning buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati mavjudligi, bu jarohat shu sohaga biror-bir qattiq o‘tmas jismning zarb ta’sirida yetkazilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan so‘ralgan D.Norov o‘zining tushuntirish xatida 2019 yil 15 fevral soat taxminan 10:30 da viloyat ma’muriy sudi raisi O.Toshev uni o‘zining xizmat xonasiga chaqirib, viloyat sudyalari N.Qurbonov, G‘.Qushiyev va Karmana tuman ma’muriy sudi raisi F.Jumakulovning oldida unga tuman-shahar sudlariga yuborilgan topshiriq ijrosini o‘z vaqtida bajarmaganligi haqida aytib, unga televizor pultini otganligini va qo‘li bilan tanasining turli sohalariga urib, ikki oyog‘i orasiga tepganligini, shundan so‘ng og‘riqqa chiday olmasdan shifoxonaga murojaat qilganligini, O.Toshev ilgari 2019 yil yanvar oyida ham viloyat sudi faollar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda hammaning ko‘z o‘ngida uni haqoratlab, urganligini, ammo o‘shanda u hech qayerga shikoyat qilmaganligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, holat yuzasidan so‘ralgan viloyat ma’muriy sudi raisi O.Toshev o‘zining tushuntirish xatida D.Norovni urmaganligini, D.Norov unga nisbatan tuhmat qilayotganligini ko‘rsatgan.

Shu kabi, viloyat sudi sud’yalari N.Qurbonov, G‘.Kushiyev va Karmanma tuman sudi raisi F.Jumakulov sud raisi O.Toshev D.Norovni urganini ko‘rmaganligi haqida ko‘rsatma berishgan.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida viloyat ma’muriy sudi binosining ichiga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushirilgan video tasvir olinib, ko‘zdan kechirilganda 2019 yil 15 fevral kuni soat 10:28 da D.Norovni qo‘lida hujjatlar bilan viloyat sudi raisi O.Toshevning xizmat xonasiga kirib ketganligini va xonadan soat 10:30 ga yaqin qo‘li bilan qornining pastki qismini ushlab, tanasi biroz egilgan holga chiqib ketganligini ko‘rish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 22 fevralda Navoiy viloyat ma’muriy sudi raisi O.Toshevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida so‘roq qilingan viloyat sudi raisi O.Toshev va sudyalar G. Kushiyev, N.Qurbonov hamda F.Jumaqulov tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlab ko‘rsatma berishgan.

Bundan tashqari jinoyat ishi bo‘yicha D.Norov 2019 yil 23 fevralda jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan va so‘roq qilingan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan D.Norov va viloyat sudi raisi O.Toshevning ko‘rsatmalaridagi qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish maqsadida yuzlashtirish tergov harakati o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, 23.02.2019 yilda jabrlanuvchi D.Norovning ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakati o‘tkazilgan.

Jinoyat ishi tergovi davomida 2019 yil 23 fevralda Z.To‘xtayev, U.Homidov, N.Nigmatllayeva, U.Mamadiyarov, A.Doniyorov, I.Mardonov, N.Norova, N.Nabiyeva, N.Azamova, M.Savurova, S.Fayzullayeva, N.Boltayev va A.Rustamov guvoh tariqasida so‘roq qilingan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshirish davomida fuqaro D.Norov tan jarohatlarining kelib chiqish sabablarini va o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining qanchalik to‘g‘riligini aniqlash maqsadida, komissiyaviy sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.