Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalarida xizmat qilayotgan bir guruh ayol harbiy xizmatchilar Chotqol tog‘ tizmasining Chimyon tog‘ bag‘irlarida o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Mashg‘ulot qatnashchilari uch kun davomida havo harorati 4−6 daraja bo‘lgan tog‘ sharoitidagi og‘ir holatlarda bardoshlilik, aholiga tezkorlik bilan yordam berish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash ko‘nikmalarini hamda jangovar harakatlarni bajarish tajribasini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajardilar.

Ayol harbiy xizmatchilar dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan o‘quv mashg‘ulot maydonchasida chang‘i uchish va o‘q otish tayyorgarligi, qoyalar va tabiiy tog‘ to‘siqlaridan o‘tish mashqlari o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar bu kabi aniq va mukammal harakatlanishni talab etadigan vazifalarni bajarish chog‘ida, duch kelish ehtimoli bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etishning bir qator usul va uslublarini amaliyotda sinab ko‘rdilar.

Chang‘i uchish mashqlari ayol harbiy xizmatchilarda uzoq masofalarga qisqa muddatda yetib borish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam bergan bo‘lsa, qorli hududda o‘tkazilgan o‘q otish tayyorgarligi esa yaqin va uzoq masofalardan aniq nishonga olish ko‘nikmasini mustahkamladi.