2017 aprelda boshlangan Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi to‘xtatildi, deya xabar qildi «Neftgazinvest» kompaniyasi direktori o‘rinbosari Xusniddin To‘rayev juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda mavjud Buxoro va Farg‘ona NQIZlarni modernizatsiya qilishga qaror qilingan.

2013−2014 yillarda Amerikaning Honeywell UOP va Axens kompaniyalari zavodlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqqan edi.

Hozirda bir qator kompaniyalar, jumladan Honeywell UOP, Axens va bir qator koreys kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Zavodlarni modernizatsiya qilish konsepsiyalari ularning materiallari takomilga yetkazilganidan so‘ng aniqlanadi, dedi Xusniddin To‘rayev.

Ushbu ikki zavodni modernizatsiya qilish hisobiga «Yevro-5» standartlariga javob beruvchi neft mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. «Neftgazinvest» rahbari o‘rinbosari hozirda Farg‘ona NQIZga investorlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Avvalroq prezident zavodni davlat-xususiy sherikchilik asosida ishonchli boshqaruvga berishni topshirgan edi.

Jizzax NQIZ qurilishi to‘xtatilishi munosabati bilan Rossiyadan neft yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar ham to‘xtatildi.

Jizzax NQIZni 2021 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi. Zafarobod tumanida qurilishi belgilangan loyiha 2,2 mlrd dollarga baholangan. Zavod har yili 5 million tonna neftni qayta ishlashi va yuqori sifatli neft mahsulotlarini ishlab chiqarishi kutilayotgan edi.