Bugun Toshkent shahrida «Humo Arena» ko‘p tarmoqli muz saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, barchani ushbu qutlug‘ voqea bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrab, mamlakat bayrog‘i ko‘tarildi.

Ochilish marosimi sportchi va san’atkorlar hamkorligida tayyorlangan shou dastur bilan davom etdi. Muz maydoni sathida 3D mepping texnologiyasi asosida Humo qushi, bu yerda o‘tkaziladigan sport turlari tasviri namoyish etildi. Sportchi yoshlar hamda bolalar ko‘rgazmali chiqishlar qildi. O‘zbekistonning yosh sportchilari va mashhur xokkeychilar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

«Humo Arena» zamonaviy muz saroyi ilg‘or muhandislik va binokorlik yechimlari, texnik jihozlangan. Majmuaning 12 ming 500 o‘rindan iborat asosiy maydoni transformatsiya usulida qurilgan bo‘lib, qisqa vaqtda uni qayta jihozlash, o‘rindiqlar sonini oshirish yoki kamaytirish mumkin.

Bu xokkey, figurali uchish, short-trek, kyorling kabi qishki sport turlari bilan birga kurash, boks, mini-futbol, basketbol, voleybol, taekvondo bo‘yicha musoqabalar o‘tkazish, shuningdek, konsert, shou, ko‘rgazma, konferensiya va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etish imkonini beradi.

Arenani loyihalashtirish va qurishda zamonaviy shaharsozlik qoidalari, ekologik xafsizlik va sport inshootlariga doir xalqaro talablarga rioya qilingan, energiya samarador texnologiyalar qo‘llanilgan.

Majmuaning konseptual loyihasi Janubiy Koreyaning «Heerim Architects & Planners» kompaniyasi, tom qismining loyihasi Avstriyaning «Oberhofer Stahlbau» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Umuman, inshootni qurish va jihozlashda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Fransiya, Finlyandiya, Rossiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalanilgan.

«Humo Arena» yuqori toifali sportchilarni tayyorlash, yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, eng muhimi, yoshlarni sportning qishki turlariga ham keng jalb etishda muhim omil bo‘ladi. Shuningdek, ko‘p tarmoqli sport-ko‘ngilochar inshooti sifatida barcha aholi qatlamlarining jismoniy va madaniy kamolotiga xizmat qiladi. Kelgusida bunday majmua va markazlarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham qurish ko‘zda tutilgan.

Marosimda Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel, dunyoga mashhur sportchi va san’atkorlar ishtirok etdi.