Toshkentda qurilgan ko‘p funksiyali Numo Arena muz saroyining qurilishi uchun umumiy hisobda 175 mln dollarga yaqin mablag‘ sarflandi. Bu haqda juma kuni o‘tkazilgan brifingda Enter Engineering kompaniyasi ijrochi direktori Shohruxmirzo Sattorov ma’lumot berdi.

Kompaniya vakili prezident farmoniga tayangan holda, «arena qurilishining moliyalashtirish manbasi sifatida investorlar mablag‘i va homiylik qabul qilinadi», deya ta’kidladi.

«Loyiha operatori Wind Rose kompaniyasi hisoblanadi, shuningdek, buyurtmachi hamdir. Investorlar hozircha o‘zlarini e’lon qilish borasida bir qarorga kelmadilar. Ammo biz sal ilgari loyihaning davlat tomonidan muvofiqlashtirilishi nuqtai nazaridan „O‘zbekneftegaz“ OAJ ishtirok etishini bildirgandik. Ob’ektning qurilishiga sarflangan mablag‘ 175 million yevroga baholanmoqda», — dedi Shohruxmirzo Sattorov.

Humo Arena’ni bozorda faqatgina sport majmuasi emas, balki madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazish majmuasi sifatida taqdim etish bilan ham Wind Rose o‘zbek kompaniyasi shug‘ullanadi, deya qo‘shimcha qildi u.

15 mart kuni ochiladigan yangi sarof faqatgina professional sportchilarning arenasi bo‘lib qolmaydi. U shuningdek aholi o‘rtasida qishki sport turlariga qiziqishni yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

Qurilishi ikki yil davom etgan majmuaning ochilish marosimiga 6000 kishi tashrif buyuradi. Ular sport turlari bo‘yicha shou va turli san’at namunalarini tomosha qiladilar. Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat mirziyoyev, shuningdek hukumat va parlament a’zolari qatnashishi kutilmoqda.

Kuni kecha davlat rahbari arenaga tashrif buyurgan holda so‘nggi pardozlash ishlarini kuzatgandi va majmuada samarali ekspluatatsiya tizimini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.