2019 yilning 13 mart kuni «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunga tuzatishlar kiritilgani haqida xabar bergandik. Mazkur o‘zgartirishlar uch oy o‘tgach kuchga kiradi, deyiladi Norma.uz xabarida.

Fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari kengaytirildi: atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishni va jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etish imkoni qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasi, Ekologiyani muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mahalliy hokimiyat, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNTning vakolati belgilandi. Xususan, ilgari atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarishning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi Ekologiyani muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan, fizikaviy omillarning unga zararli ta’sir ko‘rsatishining yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi esa Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ekologiyani muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanar edi. Endi bu vazifa hukumat zimmasiga yuklatiladi.

Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun atmosfera havosidan foydalanish normativlarini tasdiqlash amaliyoti bekor qilindi.

Atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatilishini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish va undan foydalanish tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritildi:

birinchidan, endi atmosfera havosiga ko‘chma (ilgari — faqat turg‘un) ifloslantiruvchi manbalardan ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan hollarda buni amalga oshirish mumkin;

ikkinchidan, Ichki ishlar vazirligi tegishli qaror qabul qilish vakolatiga ega organlar jumlasiga kiritildi. Idora foydalanilishi atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatadigan avtomototransport vositalari ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi. Eslatib o‘tamiz, bunday vakolatga ega bo‘lgan boshqa organlar hokimliklar, Ekologiyani muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish (bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.

Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatildi:

ozonni buzuvchi moddalarning hisobini yuritish, ularning atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, retsirkulyatsiyani (ularni qayta ishlatish maqsadida birlamchi tozalashni) amalga oshirish;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlarini belgilash;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash uchun namunalar olinishini ta’minlash hamda o‘lchovlarni amalga oshirish;

yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ining, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarning yoki moddalar aralashmasining yoqilishiga, shuningdek yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallar va chiqindilarning yoqilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bundan yoqish maxsus uskunalardan foydalanib hamda atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi va chiqindilar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda amalga oshirilgan hollar mustasno.