AQSH Adliya vazirligi Yel, Kaliforniya va Stenford universitetlariga kirishdagi poraxo‘rlik holatlari fosh qilinganini ma’lum qildi. 50 kishi, jumladan aktrisalardan Felesiti Xaffman («Umidsiz uy bekalari») va Lori Laflinga («Liq to‘la uy») nisbatan ayblov e’lon qilingan, deya xabar berdi Meduza.

Korrupsion sxema markazida — Uilyam Singer — OTMlarga kirishga tayyorgarlik bilan shug‘ullanuvchi kompaniya hamda xayriya tashkilotlari rahbari o‘rin olgan. Poralar esa unga xayr-ehson ko‘rinishida yetkazib turilgan. Ayblov hujjatlarining guvohlik berishicha, Singer o‘z aybini tan olgan va kim bilan ishlagani, kimga yordam bergani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Amerika OTMlari talabalarni qabul qilishda hisobga olinuvchi SAT va ACT testlarini topshirishdagi qallobliklar uchun ota-onalar 15−74 ming dollar to‘lagan. Singer rejasiga ko‘ra, bolalar o‘qishda qiynalayotgani bahonasida imtihonlarni kechiktirishga erishgan, so‘ngra ular Texas yoki Kaliforniyadagi Singerning tanish administratorlari bo‘lgan maktablardan birini tanlashgan. Korrupsion halqaning yana bir ishtirokchisi imtihon kuni to‘g‘ri javoblarni bergan, testdan keyin xatolarni to‘g‘rilagan yoxud uning o‘zi abituriyent uchun imtihon topshirgan.

Aynan ushbu sxemada Felesiti Xaffman ham ishtirok etgan. 2017 yil so‘ngida Singer 15 ming dollar evaziga aktrisaning qiziga imtihonlarda yaxshi natijalarni qayd etishiga yordamlashgan. Los-Anjelosda bo‘lib o‘tgan sud Xaffmanga 250 ming dollar garov tayinladi.

Singer OTMlardagi murabbiylar bilan kelishgan holda ham o‘qishga kirishni kafolatlagan. Murabbiylar pora evaziga bolalarni sportda real muvaffaqiyatlarga erishgan-erishmaganidan qat’i nazar sportchi sifatida tanlab olgan. Singer tashkiloti xodimlari o‘smirlarning sportda erishgan muvaffaqiyatlari to‘g‘risida soxta hujjatlar, jumladan ularning sport bilan shug‘ullanayotgani tasvirlangan fotosuratlarni tayyorlagan.

Ba’zida ota-onalarning o‘zlari, masalan aktrisa Lori Laflin va uning turmush o‘rtog‘i Mossimo Janulli sahnalashtirilgan tasvirlarni taqdim etgan. 2016−2017 yillarda aktrisaning qizlari eshkak eshish sporti jamoasi a’zosi sifatida Janubiy Kaliforniya universitetiga qabul qilinadi. Isbot sifatida esa oila qizlarining eshkak eshish sporti bilan shug‘ullanayotgani tasvirlangan fotosuratlarni jo‘natadi. Oila qizlarning o‘qishga kirishlari uchun Singerning hisobiga 500 ming dollar o‘tkazib beradi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, aksariyat holatlarda bolalar firibgarlik yo‘li bilan o‘qishga kirganini bilishmagan. Shu bois bolalardan hech biriga nisbatan ayblov e’lon qilinmadi. Adliya vazirligi talabalarga qanday munosabatda bo‘lishni OTMlarning o‘zlari hal etishlarini ma’lum qildi.