O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil etilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etgan edi. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozimligi qayd etilgan edi.

Ushbu qo‘mitaga davlat organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki dasturlarni ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish jarayoni ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarini ularda korrupsiyaga olib keluvchi normalarning mavjudligini aniqlash, tahlil qilish kabi qator vazifalar yuklatilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga yangi qo‘mitani tashkil etish masalasi ham kiritilgan.