O‘zbekiston hukumati Birlashgan arab amirliklari Energetika va sanoat vazirligi va Mubadala Utilities kompaniyasining bir qator issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirish hamda davlat-xususiy sherikchilik asosida yangilarini qurish bo‘yicha loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Masdar kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan shamol elektr stansiyalarini qurish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor. Mubadala kompaniyasi bilan uglevodorodlarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, Abu Dabining ADNOC milliy neft kompaniyasi bilan ekspert-konsultatsion hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi.

Elyor G‘aniyev BAA kompaniyalarini O‘zbekiston turizm sohasiga sarmoya kiritishni taklif qildi.

«Biz erishilgan kelishuvlar bilan cheklanib qolishni istamaymiz. Respublikada 4000 tarixiy yodgorliklar bo‘lib, ularning 90 foizini islom madaniyati yodgorliklari tashkil etadi. Biz sayyohlik loyihalarini amalga oshirish va [mavjud] mehmonxonalarni xususiylashtirish, shuningdek O‘zbekistonning qadimiy shaharlari — Samarqand, Buxoro, Xivada [yangi] 5 yulduzlilarini qurishni taklif qilamiz», — dedi u.

Tomonlar ustav kapitali 1 mlrd dollar bo‘lgan qo‘shma investitsion kompaniyani ochish masalasini ham muhokama qildi. Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi uning ta’sischisi hisoblanadi.

Jamg‘arma Samarqand infratuzilmalari: avtomobil yo‘llari va ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini yaxshilashga imtiyozli kredit ajratadi. O‘zbekiston Milliy banki bilan hamkorlikda mehmonxona va savdo markazini qurish rejalashtirilmoqda.

Elyor G‘aniyev BAA tomonini mintaqada yagona bo‘lgan xalqaro namunadagi «halol» sertifikatini beruvchi ilmiy-tadqiqot va sertifikatlash markazini tashkil etishda ishtirok etish, shuningdek Navoiy va Namangan viloyatlarida qishloq xo‘jaligi, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqish va mehmonxonalar tarmog‘ini tashkil etishga ham taklif qildi.