Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining «Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Bu =aыda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan «Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etilishi mumkin.

«Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlar xodimlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 1 oktyabrga qadar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga taqdim etiladi.

Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlar o‘z xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 oktyabrga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili 20 noyabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining adliya vaziri o‘z tashabbusi bilan ham davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.

Komissiya xulosasi asosida adliya vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 1 dekabrga qadar chiqariladi.

Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili 8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni bayrami arafasida adliya vaziri (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.