Fenspirid saqlovchi qator preparatlarning ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari bekor qilinib, ular O‘zbekistonda qo‘llashga ruxsat berilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qaror 18 fevral kuni Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi ekspert kengashi tomonidan qabul qilindi.

Fenspirid saqlovchi dori vositalari nafas yo‘li kasalliklari, jumladan rinofaringit, laringit va bronxial astma kasalliklarini davolash uchun tayinlanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Dori vositalari xalqaro monitoringi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, fenspiridning salbiy ta’siri, jumladan taxiakardiya, ekstrasistoliya, yurak qorinchalari fibrillyatsiyasi, supraventrikulyar taxiakardiya, aritmiya, paraksizmal taxiakardiya, koronal arteriyalr spazmasi, bradikardiya kabi shakllardagi kardiologik buzilishlar to‘g‘risida 600 ga yaqin shikoyat kelib tushgan.

Avvalroq ekspertiza markaziga fenspiridning farmokologik xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalari kelib tushdi. Markaz qoshidagi farmakologik qo‘mita esa O‘zbekistonda fenspiridli dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazgan barcha ishlab chiqaruvchilarga tadqiqotlar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etgan.