Qozog‘iston karantin xizmati 20 fevraldan O‘zbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagan edi. Shu munosabat bilan Ostona shahrida «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i I. Ergashev bilan Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari G. Isayev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda anor importiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish, shuningdek, karantin ostidagi mahsulotlarning fitosanitar holati, ikki mamlakat karantin xizmatlari o‘rtasida eksport va import qilinayotgan meva-sabzavotlarni fitosanitar ko‘rikdan o‘tkazishda hamkorlikdagi nazoratni yanada kuchaytirish singari masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Qozog‘istonga O‘zbekistondan anor olib kirish uchun o‘rnatilgan vaqtincha taqiq 14 martdan olib tashlanishiga erishildi.

Bugundan e’tiboran eksportchi tadbirkorlar Qozog‘istonga anorni fitosanitar nazoratdan o‘tkazib, eksport qilishlari mumkin.