«O‘zbekneftgaz» va Amerikaning Air Products kompaniyasi qiymati 450 mln dollarga teng texnik gaz ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ochish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hujjat O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov va Air Products prezidenti Seyfulloh Gassemi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi. Tomonlar O‘zbekiston hududida tabiiy gazdan geliy ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini ham imzoladi.

Air Products delegatsiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «O‘zkimyosanoat» kompaniyasida ham muzokaralar o‘tkazib, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamit ishlab chiqarishni tashkil etishdagi ishtirok masalalari muhokama qilindi.

2018 yil oktyabrda «O‘zbekneftgaz» va Air Products gazni chuqur qayta ishlab chiqarish sohasida 2 mlrd dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. O‘rta istiqbolda O‘zbekistonda dastlabki qiymati 4,25 mlrd dollar bo‘lgan gaz-kimyo klasterini qurish rejalashtirilmoqda.

MTO (methanol to olefins) texnologiyasi bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchi gaz-kimyo majmuasi hamda yiliga 300 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan polimerlarni qayta ishlash bo‘yicha 10 ga yaqin zavod klaster tarkibidan o‘rin oladi. Gaz-kimyo majmuasi esa yiliga 1,5 mlrd kub metrgacha gazni qayta ishlab, 200−250 ming tonna polipropilen, 100 ming tonna etilenpropilen kauchugu, 100 ming tonna polietilenteretalat va etilenvinilatsetat, 100−150 ming tonna etilenglikol va polietilen ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.