Sirdaryo viloyati Xovos tumani Bunyodkor mahallasida dastlabki yengil konstruksiyali tikuvchilik majmuasi tashkil etildi. Uning ochilish marosimida prezident maslahatchisining o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev, bosh vazir o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, Sirdaryo viloyati hokimi G‘afur Mirzayev hamda «O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruv raisi Alisher Maqsudov ishtirok etdi.


Mazkur loyihani amalga oshirish jarayonida korxonani joylashtirish hududini belgilash va tegishli muhandislik tarmoqlariga ulashda Sirdaryo viloyati va Xovos tumani hokimliklari zaruriy amaliy yordam ko‘rsatdi.


Loyihani amalga oshirish hisobiga mazkur mahallada 140 nafar ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar ishga qabul qilindi.


Korxonaning to‘liq quvvatlarda ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln dona turli xildagi tayyor tikuvchilik mahsulotlari (sochiq, bolalar va kattalar kiyimlari, maxsus kiyimlar, choyshablar) ishlab chiqariladi va mahsulotlarning dastlabki yillar davomida 60 foizi eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.


Ta’kidlash joizki, 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati oldiga 2019 yil davomida viloyatda jami 32 ta tikuvchilik va to‘qimachilik korxonasini tashkil etish va ularda yaratiladigan 4200 ta yangi ish o‘rinlariga xotin-qizlarni ishga joylashtirish vazifalarini belgilab bergan edi.

Reklama huquqi asosida.