Fuqaro Q.S. «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining nomiga ochilgan profilga «Adolat izlab», «Adolat qachon?» deb nomlangan video ma’lumotlarni joylashtirgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda go‘yoki tuman hokimi davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan til biriktirib, uni va akasi E.S.ni aybsiz bo‘lsalar-da, ularga nisbatan noqonuniy dalillar to‘platib qamatib yuborgani, fermer xo‘jaligi yer maydonlarini noqonuniy tortib olib, pora evaziga boshqa bir fuqaroga berib yuborgani aytilgan.

Uning so‘zlariga qaraganda, tuman hokimi 15−20 gektar yerni 5−10 ming AQSH dollaridan sotib yuborgan. Bu gaplar bilan u tuman hokimini juda ko‘p miqdorda pora olganlikda ayblab, bila turib uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, qasddan tuhmat qilgan.

Q.S. bu qilmishi bilan cheklanib qolmay, firibgarlik bilan ham shug‘ullanib, ikkita odamning ish haqini bermay kelgan.

— Inson har qanday qilmishi uchun javob beradi, albatta, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tumani sudi raisi Maqsudbek Qilichev. — Ayniqsa, birovga asossiz tuhmat qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Q.S. tomonidan amalga oshirilgan ishlar, videomateriallarda tilga olingan holatlar tegishli tartibda o‘rganib chiqildi. Natijada bu fuqaro aytgan gapi, keltirgan faktlarini dalillar bilan isbot qilib bera olmadi. Q.S. qilgan tuhmati va firibgarligi uchun 1 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.