Toshkent Mercer xalqaro konsalting kompaniyasi har yili o‘tkazadigan hayot sifati bo‘yicha dunyoning eng yaxshi shaharlari reytingida 203-o‘rinni egalladi. Ro‘yxatdan jami 231 shahar o‘rin oldi.

Reytingni tuzishda ekspertlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy muhit, davlat xizmatlari, transport, iste’mol tovarlari, ko‘ngil ochish va turar-joyning hammabopligi kabi omillarni hisobga oldi.

Vena (Avstriya) to‘qqizinchi yildirki yashash eng qulay shahar sifatida tan olinmoqda. Ikkinchi o‘rinni — Syurix (Shveysariya), uchinchi — Vankuver (Kanada) va Myunxen (Germaniya) egalladi. Eng yaxshi shaharlar o‘nligidan Oklend (Yangi Zelandiya), Dyusseldorf va Frankfurt (Germaniya), Kopengagen (Daniya), Jeneva va Bazel (Shveysariya) ham o‘rin egalladi.

Reytingda Markaziy Osiyoda eng yaxshi ko‘rsatkichni Olma Ota (Qozog‘iston) qayd etdi — 177-o‘rin. Ashxobod (Turkmaniston) 211-o‘rin, Dushanbe (Tojikiston) — 215-o‘rin, Bishkek (Qirg‘iziston) — 206-o‘rinni band etdi.

Eng so‘nggi pog‘onalarda Sana (Yaman), Bangi (MAR) va Bog‘dod (Iroq) sanab o‘tildi.