2019 yil 13 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Jamshid Kenjayevning o‘limiga sababchi bo‘lgan Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Hamrayev va Jahongir Yorqulovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi hamda sud hukmi e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Mazkur jinoiy ishi sudya Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib chiqib, Sh. Qilichovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda, S. Kamoldinov, A. Xamrayev va J. Yorqulovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganliklarida aybdor deb topdi.

Sud hukmiga asosan Sh. Qilichovga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi, S. Kamoldinov, A. Xamrayev va J. Yorqulovning har biriga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzil-koloniyada o‘tash belgilandi.

Manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Shuningdek, mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 8 avgust kuni soat 23:45 larda Yunusobod tumani, A.Qodiriy ko‘chasi, 1-a-uyda joylashgan «Aurum» tungi klubi kirish eshigi oldida J.Kenjayev «Aurum» tungi klubi qo‘riqchilari Sh. Ilyasov va A.Mirzayev bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Sh. Ilyasovga va A.Mirzayevga tan jarohatlari yetkazgan.

Janjal davomida voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov fuqaro J.Kenjayevni qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga sanchib, tan jarohatlari yetkazgan.

Olgan tan jarohatlari bilan J.Kenjayev Yunusobod tumanidagi 7-sonli SHKSHga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa-da, yetkazilgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.