BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ning yangi mintaqaviy loyihasi 13 mart kuni Toshkentda «Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqishda ko‘maklashish» loyihasini taqdim etdi. O‘zbekistonda loyiha FAO va Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, FAO Texnik hamkorlik dasturining yangi loyihasi hukumatning ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyani tayyorlashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini eksport qilish bo‘yicha milliy strategiyani shakllantirishga tizimli yordam beradi, shuningdek, respublikamiz qishloq xo‘jaligi siyosati sohasidagi maqsadlardan biriga erishish uchun birlamchi hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz», — dedi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev.

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi eksportini kengaytirish uchun yechimini topadigan asosiy masalalar — transport, logistika, saqlash, yuqori sifatli oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdir.

«O‘zbekistonning dengizga chiqishi chegaralangan, natijada mahsulotlarni boshqa mamlakatlarga etkazib berish xarajatlari oshadi, — dedi Markaziy Osiyo FAO Mintaqaviy byurosining katta maslahatchisi doktor Sumitr Broka. — Yana bir masala — tez ayniydigan mahsulotlarimizni saqlash va logistika jarayoni uchun zarur bo‘lgan sovuq zanjirni (omborxona, yuk mashinalari va vagon-refrijeratorlar) rivojlantirishdir».

«Nihoyat, rivojlangan mamlakatlarga — G‘arbiy Yevropa, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishda, mahsulot sifati va kelib chiqishiga alohida jiddiy e’tibor beradigan yirik supermarket zanjirlari bilan ishlash uchun kuzatish tizimini yaratish kerak, dedi u.

Yangi loyiha hukumat va xususiy sektorni talab darajasida potensial eksport bozorlarini tahlil qilish va ularga kirishni tartibga solish (tarif va nofaol to‘siqlarni bartaraf etish), shuningdek, ishlab chiqarish, ta’minot zanjiri va eksport salohiyatini baholash orqali qishloq xo‘jaligi eksportini oshirish maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tahlillar natijalariga ko‘ra, eksportni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada ikkita tanlangan mahsulot va har biri uchun bir qancha potensial bozorlar ko‘rib chiqiladi. Mahsulotlar mamlakat ehtiyojlariga va kichik fermerlarni samarali jalb qilish imkoniyatiga asoslangan holda tanlanadi.

FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2014 yilda ochilgan. 2022 yilgacha hamkorlik rejasiga binoan FAO bir necha ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekiston hukumatiga yordam ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa davlat tashkilotlarga institutsional va strategik yordam; qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, bozorga kirish zanjirlari va barqaror tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillik shular jumlasidan.