Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan «Ikki eshik orasi», «Sariq devni minib», «Otamdan qolgan dalalar», «Oq kema», «Shamol ortidan yugurib», «O‘zbek xalq ertaklari» kabi jami 40 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jahon adabiyotining buyuk badiiy namunalarining audiokitob shaklidagi variantlari yaratildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yil 12 mart kuni Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasida ushbu audiokitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi va kitobxonlar e’tiboriga havola etildi.

Taqdimotda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, filologiya fanlari nomzodi R. Jumaniyozov, suxandon M.Jo‘rayevalar ishtirok etdi.

Joriy yil yakuniga qadar Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan o‘quvchilar hamda kitobxonlar uchun o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalaridan iborat yana 40 nomdagi asarlarni audiokitob shaklidagi variantlarini yaratish rejalashtirilmoqda.